Huquqiy hujjat

Maxfiylik siyosati

Oxirgi yangilanish: 2026-yil 24-sentabr Operator: Shahzod Ziyodullayev Aloqa: privacy@birgaapp.uz

Mundarija · 13 bo'lim

1. Operator va aloqa

Bu siyosat «Birga» mobil ilovasi va https://birgaapp.uz sayti uchun amal qiladi. «Birga» ilovasi operatori — Shahzod Ziyodullayev. Ma'lumotlaringizni qanday ishlatishimiz uchun operator javob beradi. Maxfiylik bo'yicha savol yoki so'rov bo'lsa, bizga yozing:

  • Email: privacy@birgaapp.uz — ma'lumot nusxasi, tuzatish va o'chirish so'rovlari shu manzilga yuboriladi
  • Telegram: @shahzod_ziyodullayev — savollar uchun

2. Qanday ma'lumot yig'amiz

Faqat ilova ishlashi uchun kerakli ma'lumotni yig'amiz. Ixtiyoriy ma'lumotni ko'rsatmasangiz ham ilovadan to'liq foydalanasiz. Kontaktlaringizni va reklama identifikatorini yig'maymiz, reklama va analitika xizmatlarini ishlatmaymiz.

  • Kirish: Telegram orqali kirsangiz — telefon raqamingiz va Telegram identifikatoringiz; Google orqali kirsangiz — Google identifikatoringiz va emailingiz
  • Profil: ism, familiya, tug'ilgan sana, jins, bo'y, kimni va nima maqsadda izlayotganingiz, suratlar, qiziqishlar, fazilatlar, savollarga javoblar va qidiruv filtrlaringiz
  • Ixtiyoriy: o'zingiz haqingizda matn, ish va o'qish, tillar, hayot tarzi (oilaviy holat, farzandlar va oila rejalari, chekish, ichimlik, sport, uy hayvonlari) va din
  • Joylashuv: telefoningiz aniqlagan yoki xaritada o'zingiz tanlagan nuqta. U serverga yozilishidan oldin taxminan 1 km lik katakka yaxlitlanadi — aniq koordinata saqlanmaydi
  • Faollik: swipe'lar, mosliklar, xabarlar va reaksiyalar, xabar o'qilgani va onlayn holat
  • Selfi: faqat tekshiruv paytida ishlatiladi va saqlanmaydi (9-bo'lim)
  • Surat tekshiruvi natijalari: har bir surat uchun taxminiy yosh, jins va nomaqbul kontent bali (8-bo'lim)
  • Qurilma va texnik ma'lumot: push bildirishnoma tokeni, ilova tili, versiyasi va platformasi, xato hisobotlari, server loglaridagi IP manzil va qurilma turi
  • To'lov: Birga+ obunasi va xaridlar, to'lov paytidagi telefon raqamingiz (hisobingizdan olinadi)
  • Xavfsizlik: siz yuborgan va siz haqingizdagi shikoyatlar, bloklar va moderatsiya qarorlari

3. Nima uchun ishlatamiz va qaysi asosda

Ma'lumotlaringizni sotmaymiz va reklama uchun ishlatmaymiz. Har bir maqsad va uning asosi:

  • Tanishuv xizmati — hisob, profil, lenta, mosliklar, suhbatlar va bildirishnomalar. Asos: siz bilan tuzilgan shartnoma (Foydalanish shartlari)
  • Xavfsizlik — soxta profillar, nomaqbul suratlar va qoidabuzarlikka qarshi kurash, shikoyatlarni ko'rib chiqish. Asos: shartnoma
  • Din va yuz solishtirish — Asos: alohida roziligingiz, uni istalgan vaqtda qaytarib olasiz (9-bo'lim)
  • To'lovlar — Birga+ obunasini yoqish va buxgalteriya hisobi. Asos: shartnoma va buxgalteriya hisobi to'g'risidagi qonun
  • Ilova barqarorligi — xatolarni topish va tuzatish. Asos: shartnoma

4. Kim nimani ko'radi

Boshqa foydalanuvchilar profilingizni faqat ilova ichida ko'radi. Moderatorlar va administrator esa faqat ishi uchun kerakli qismini ko'radi.

  • Boshqa foydalanuvchilar: ismingiz (familiyangiz hech qachon ko'rsatilmaydi), yoshingiz, suratlaringiz, profilingizdagi ma'lumotlar va shahringiz
  • Masofa: taxminiy katakdan hisoblanadi va ilovada butun kilometrda ko'rsatiladi, eng kichigi — «1 km dan yaqin». Aniq joylashuvingiz hech kimga ko'rinmaydi
  • Din: faqat rozilik bergan bo'lsangiz ko'rinadi
  • Incognito rejimi yoqilsa, sizni faqat o'zingiz o'ngga surgan odamlar ko'radi. Pauza profilingizni vaqtincha yashiradi
  • Suratlar ilovaga taxmin qilib bo'lmaydigan, lekin ochiq havola orqali yuklanadi: havolani qo'lga kiritgan odam suratni ilovasiz ham ocha oladi. O'chirilgan surat qurilmalar keshida 1 kungacha qolishi mumkin
  • Moderatorlar: shikoyat qilingan profilni va shikoyatdan oldingi 50 tagacha xabarni — qaror chiqarish uchun. Har bir ko'rish auditga yoziladi
  • Bosh administrator: hisob ma'lumotlarini va suhbatlarni ko'ra oladi, jumladan o'chirilgan xabar matnini — u butunlay o'chirilguncha (7-bo'lim). Suhbatni har bir ko'rish auditga yoziladi

5. Uchinchi tomon xizmatlari

Quyidagi xizmatlar faqat ko'rsatilgan vazifa uchun kerakli ma'lumotni oladi. Ma'lumotlaringizni hech kimga sotmaymiz.

  • Telegram — Telegram orqali kirish: telefon raqamingiz va Telegram identifikatoringizni bizga beradi. Server xatolari haqidagi texnik xabarlar ham operatorning yopiq Telegram chatiga keladi
  • Google — Google orqali kirish (identifikator va email); privacy@birgaapp.uz ga yozgan xatlaringiz operatorning Gmail pochtasiga keladi
  • Firebase Cloud Messaging (Google) — push bildirishnoma yetkazish: qurilma tokeni va umumiy matn; ism va xabar matni yuborilmaydi
  • Payme — to'lov: buyurtma raqami va summa
  • Sentry — xato hisobotlari: texnik ma'lumot va ichki identifikatorlar; ism, telefon va email yuborilmaydi
  • OpenStreetMap Nominatim — joy nomini aniqlash va shahar qidirish: 1 km ga yaxlitlangan koordinata yoki qidiruv matni, to'g'ridan-to'g'ri telefoningizdan
  • OpenFreeMap — xarita ko'rsatish: IP manzilingiz va ko'rilayotgan hudud
  • GIPHY — GIF: qidiruv matni serverimiz orqali yuboriladi; GIF'lar esa GIPHY serverlaridan yuklanadi, shuning uchun GIPHY IP manzilingizni ko'radi
  • Expo — ilova yangilanishlarini yetkazish: ilova versiyasi, platforma va IP manzil
  • Cloudflare — https://birgaapp.uz sayti, privacy@birgaapp.uz ga kelgan xatlarni yo'naltirish va zaxira nusxalarni saqlash
  • Contabo — server va ma'lumotlar bazalari joylashgan hosting

6. Ma'lumotlarni chet elga uzatish

Serverimiz O'zbekistondan tashqarida joylashgan. Ilovadan foydalanganingizda ma'lumotlaringiz quyidagi joylarga uzatiladi va u yerda qayta ishlanadi:

  • Asosiy server — Fransiya (Contabo): barcha ma'lumotlar bazalari va suratlar
  • Zaxira nusxalar — Cloudflare R2, Yevropa Ittifoqi hududi: ma'lumotlar bazalari shifrlangan holda, suratlar nusxasi yopiq omborda
  • Xato hisobotlari — Sentry (AQSh kompaniyasi), ma'lumotlar Yevropa Ittifoqi hududida saqlanadi
  • Kirish, push va boshqa xizmatlar — Google, Telegram, Expo, GIPHY, OpenFreeMap va OpenStreetMap o'z serverlarida, asosan AQSh va Yevropa Ittifoqida

7. Saqlash muddatlari

Har bir ma'lumot faqat kerakli muddat saqlanadi, keyin avtomatik o'chiriladi. Hisobingizni o'chirsangiz, profil, suratlar, mosliklar, suhbatlar va joylashuv darhol o'chiriladi — kutish muddati yo'q. Muddatlar:

  • Profil, suratlar, swipe'lar, suhbatlar, surat tekshiruvi natijalari va rozilik yozuvlari — hisobingiz mavjud ekan
  • Yozishmasiz moslik — 24 soat (bir marta uzaytirilsa — 48 soat)
  • O'chirilgan xabar matni — 90 kun; suhbat tomonlaridan biriga oid ochiq shikoyat bo'lsa yoki biri ban qilingan bo'lsa — shikoyat yopilguncha yoki ban olinguncha
  • Ilova ichidagi bildirishnomalar — 90 kun
  • Push yuborish logi — 30 kun
  • Rad etilgan suratlar: nomaqbul kontent — darhol o'chiriladi; yosh yoki jins sababli — 30 kun (administrator qayta ko'rishi uchun); tugallanmagan yuklashlar — 24 soat
  • Muddati o'tgan yoki bekor qilingan kirish tokenlari — muddatidan keyin 7 kun
  • Telegram orqali kirish seansi — 24 soat
  • Administrator harakatlari jurnali — muddatsiz
  • To'lov yozuvi — To'lov yili tugagach 5 yil (telefon raqami — to'lovdan keyin 1 yil)
  • Shikoyat va ban yozuvlari — Aloqa ma'lumotingizsiz — xavfsizlik uchun muddatsiz
  • O'chirilgan hisobning ichki identifikatori (ro'yxatdan o'tish va o'chirish sanalari bilan) — Muddatsiz
  • Zaxira nusxalar — 4 haftagacha
  • Server loglari — 14 kun
  • Xato hisobotlari — 90 kungacha
  • Hodisa navbati — 7 kun

8. Avtomatik qarorlar

Ba'zi qarorlarni dastur avtomatik qabul qiladi. U o'z serverimizda ishlaydi — ma'lumot tashqi sun'iy intellekt xizmatlariga yuborilmaydi. Qarorga rozi bo'lmasangiz, privacy@birgaapp.uz ga yozing — uni odam qayta ko'rib chiqadi.

  • Surat tekshiruvi: nomaqbul kontent ehtimoli 85% yoki undan yuqori bo'lsa, suratdagi asosiy yuzning taxminiy yoshi 16 dan kichik bo'lsa yoki suratdagi odamlar 80% ishonch bilan boshqa jinsda deb aniqlansa (profilingizdagi jinsdagi odam topilmasa) — surat rad etiladi
  • Yuz tasdig'i: selfi va surat yetarlicha o'xshash bo'lmasa (o'xshashlik chegarasi 0,45) yoki yuz bor suratlaringizdan birida siz aniqlanmasangiz, tasdiqlangan belgi berilmaydi
  • Tasdiqlangan belgi: tasdiqlangan surat o'chirilsa, yangi asosiy surat tekshiruvdan o'tmasa yoki yuz solishtirish roziligi qaytarib olinsa, belgi avtomatik olinadi. Tasdiqlangan ayollarga Birga+ bepul beriladi va belgi olinsa, u ham to'xtaydi
  • Lenta: faqat ikkala tomonning filtrlariga (jins, yosh, masofa va boshqalar) mos odamlar chiqadi; tartibi masofa, umumiy qiziqishlar va tillar, tasdiqlangan profil, tanishuv maqsadi va savolnoma javoblariga qarab belgilanadi
  • Hisobni bloklash: faqat odam qarori bilan — avtomatik ban yo'q

9. Din va yuz tekshiruvi

Din va yuz tasviri — alohida himoyalanadigan ma'lumot. Dinni ko'rsatish va yuzni solishtirish faqat alohida roziligingiz bilan ishlaydi. Rozilikni istalgan vaqtda Sozlamalar → Maxfiylik va xavfsizlik → Roziliklar bo'limida qaytarib olasiz.

  • Din ixtiyoriy. U profilingizda ko'rinadi va filtrda ishlatiladi faqat rozilik katakchasini belgilasangiz. Rozilikni qaytarib olsangiz, din profilingizdan o'chiriladi
  • Ro'yxatdan o'tishda har kimdan qisqa selfi olinadi. U xotirada tekshiriladi — nomaqbul kontent, taxminiy yosh va jins, yuz borligi — va darhol o'chiriladi. Bu tekshiruv yuzingizni suratlaringiz bilan solishtirmaydi
  • Tasdiqlashni tanlab rozilik bersangiz, selfi asosiy suratingiz va yuz bor boshqa suratlaringiz bilan xotirada solishtiriladi, keyin darhol o'chiriladi
  • Selfi ham, yuz shabloni (yuzning raqamli ifodasi) ham diskka yoki bazaga yozilmaydi. Saqlanadi faqat: tasdiqlangan yoki yo'qligi, tasdiq vaqti, qaysi surat tasdiqlangani va model versiyasi
  • Asosiy suratni almashtirsangiz, yangi surat tasdiqlangan surat bilan xotirada solishtiriladi. Rozilikni qaytarib olsangiz, tasdiqlangan belgi olinadi
  • Rozilik qachon berilgani va qaytarib olingani, matn versiyasi, ilova versiyasi va platforma yozib qo'yiladi — qonun rozilikni isbotlashni talab qiladi

10. Huquqlaringiz

«Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi qonunga ko'ra, o'zingiz haqingizdagi ma'lumotga nisbatan quyidagi huquqlarga egasiz. So'rovni privacy@birgaapp.uz ga yuboring. Avval shaxsingizni tekshiramiz: so'rov hisobingizga ulangan emaildan kelishi yoki hisobingizga ulangan Telegram orqali tasdiqlanishi kerak.

  • Ma'lumot olish: 10 kun ichida javob beramiz va sizga tegishli ma'lumotlar nusxasini yuboramiz — profil, suratlar, surat tekshiruvi natijalari, siz yozgan xabarlar, to'lovlar va boshqalar
  • Tuzatish: ko'p ma'lumotni ilovada o'zingiz tuzatasiz (Profilni tahrirlash); qolganini so'rasangiz, 3 kun ichida tuzatamiz
  • O'chirish: Sozlamalar → Xavf zonasi → Hisobni o'chirish, yoki ilovasiz — https://birgaapp.uz/delete-account sahifasi orqali
  • Rozilikni qaytarib olish: Sozlamalar → Maxfiylik va xavfsizlik → Roziliklar
  • Ko'rinishni boshqarish: Incognito, Pauza, onlayn holat va o'qilganlik belgisi — Sozlamalar → Maxfiylik va xavfsizlik
  • Shikoyat: javobimizdan norozi bo'lsangiz, shaxsga doir ma'lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga murojaat qilishingiz mumkin

11. Yosh chegarasi

«Birga» faqat 18 yoshga to'lganlar uchun. Ro'yxatdan o'tishda tug'ilgan sanangizni so'raymiz va 18 yoshga to'lmagan kishi hisob ocha olmaydi. 18 yoshga to'lmagan foydalanuvchi aniqlansa, uning hisobi o'chiriladi.

12. Xavfsizlik

Ma'lumotlaringizni himoya qilish uchun:

  • Ilova va server orasidagi ulanish shifrlangan (HTTPS)
  • Kirish tokenlari telefoningizning himoyalangan xotirasida saqlanadi
  • Suratlardagi GPS va boshqa metama'lumotlar serverda o'chiriladi
  • Ma'lumotlar bazalarining zaxira nusxalari shifrlangan
  • Administratorning o'zgartirishlari va suhbatlarni ko'rishi auditga yoziladi
  • Ma'lumot sizib chiqsa, zarar ko'rgan foydalanuvchilarga xabar beramiz

13. O'zgarishlar

Siyosatni yangilasak, yangi matn ilovada va https://birgaapp.uz saytida chiqadi, yuqoridagi sana esa o'zgaradi. Oldingi tahrir kerak bo'lsa yoki savolingiz bo'lsa, privacy@birgaapp.uz ga yozing.